Bugun, 27-fevral kuni Bunyodkor futbol klubi yangi mavsumga tayyorgarliklar haqida matbuot anjumani oʻtkazdi.
Matbuot anjumanida Rivaldo va Denilson masalasi boʻyicha bir qator savollar berildi. Poytaxt klubi direktori Murod Aliyev oʻz fikrini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, klub sobiq futbolchilarning yuristlari bilan kelishuvga kelmoqda va Bunyodkor qarz pulini pasaytirish uchun yuristlar bilan yechim topish niyatida.
Rivaldo va Denilson bilan shartnomani Zeromax kompaniyasi tuzgan, biroq Bunyodkor bilan qoʻshimcha bitim imzolangan, shu munosabat bilan jarayon choʻzilmoqda, deb qoʻshimcha qildi Bunyodkor direktori.
Futbol klubiga qoʻyilgan qarzdorlikni Oʻzbekneftegaz kompaniyasi hal qilishi kerak boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, FIFA qarori boʻyicha «Bunyodkor» futbol klubi Rivaldoga 8,1 mln, Denilsonga esa 1,1 mln yevro toʻlashi shart. Futbol afsonasi Rivaldo 2008-2010-yillarda «Bunyodkor» klubiga muvaffaqiyat keltirgan. Rivaldo klub rangini himoya qilib, uch marta Oʻzbekiston chempioni boʻlgan, Denilson esa Toshkent jamoasi tarkibida 2010-yil chempionlik kubogini qoʻlga kiritgan.