Hayraton — Mozori Sharif temir yoʻl liniyasini modernizatsiya qilish $6,3 millionga baholandi

eʼlon qilindi
Loyihada “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ham ishtirok etmoqda
Foto: Unsplash

Hayratondan Mozori Sharifgacha boʻlgan Afgʻoniston temir yoʻl liniyasini modernizatsiya qilish qiymati $6,3 millionni tashkil etadi. Loyihaning yaqin uch oy ichida yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda TOLONews nashri Afgʻoniston temiryoʻllar boshqarmasiga (ARA) tayanib xabar bermoqda.

Rekonstruksiyada ARA bilan shartnoma tuzgan «Oʻzbekiston temir yoʻllari» kompaniyasi ham ishtirok etmoqda. Taʼmirlash ishlari 21-fevral kuni boshlangan loyihaga Oʻzbekiston kompaniyasi 120 nafar ishchi yuborgan.

ARAning moliya va administrativ masalalar bo‘yicha oʻrinbosari Said Naim Muhammadi rekonstruksiya loyihasini ishga tushirish marosimida soʻzga chiqib, temir yoʻl nomaʼlum shaxslar tomonidan vayron qilinganini esladi.

«Bu temir yoʻl nomaʼlum va johil odamlar tomonidan buzilgan va hukumatga jiddiy zarar yetkazgan», — dedi Said Naim.

«Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik jamiyati temir yoʻlning modernizatsiya qilinishi, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yordam berishiga umid qilmoqda.

Hayraton – Mozori Sharif temir yoʻl liniyasi 2011-yilda qurilgan boʻlib, uning qurilishiga Osiyo taraqqiyot banki $128 million mablagʻ ajratgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston va Toliblar Transafgʻon temiryoʻlining qurilishini tezlashtirishni muhokama qilgani haqida xabar qilgan edi.

Shuningdek