Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 27-fevral, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ota-onalar tomonidan tarbiyaviy maqsadlarda bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llashni taqiqlovchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjatda voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlari belgilab berilgan hamda buning uchun mas’ul bo‘lgan idora va tashkilotlar belgilangan.
Qonun loyihasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllarini belgilaydi, ularni sodir etishni taqiqlaydi, shuningdek, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
«Shafqatsiz muomala» tushunchasining kengaytirilgan talqini berilgan. Ilgari u faqat jismoniy, jinsiy va ruhiy zo’ravonlikni o’z ichiga olgan bo’lsa, endi yana uchtasi: g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kiritiladi.
Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun himoya buyrug‘i chiqariladi. Undan jabrlanuvchilarning o‘zlari ham, ularning qonuniy vakillari va vasiylari ham foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Ota-onalar o‘z farzandlarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishlari, ularga g‘amxo’rlik qilishlari va ularga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotdan himoya qilishlari kerak.
Bolalar bog‘chalari, maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishni, jumladan, jismoniy jazolashni taqiqlash joriy etiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda mahallalar darajasida ayollar va bolalarni himoya qilish tizimi yaratilishi xabar qilgan edi. Bu tashabbus O‘zR Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi ijtimoiy himoya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.