Telegram kanal egalariga monetizatsiya xizmatini ishga tushiradi

eʼlon qilindi
Kanal egalarining daromadi ortadi
Foto: Unsplash

Telegram messenjeri mart oyidan 100 ta davlatda reklama platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu kanal egalariga reklama namoyishi uchun xizmat daromadining 50 foizini olish imkonini beradi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Telegram kanallari har oyda 1 trillion tomosha qilinadi, lekin ularning atigi 10 foizigina reklama orqali monetizatsiya qilinadi. Yangi platforma esa ushbu koʻrsatkichni oshirish uchun ishlab chiqilgan.

Reklama uchun toʻlov va mablagʻlarni yechib olish uchun Telegram TON blokcheynidan foydalanadi. «Bu kontent yaratuvchilari oʻz tokenlarini naqd qilishlari yoki kanallarni reklama qilish va modernizatsiya qilishga qayta sarmoya kiritishlari mumkin boʻlgan muhitni yaratadi», — dedi Durov.

Platforma faoliyat yuritadigan mamlakatlar roʻyxati hali eʼlon qilinmagan. The Bell nashri ushbu xizmat Rossiya va MDH kanallari uchun ishlamasligi haqida xabar berdi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda qaysi onlayn xarid qilish xizmati koʻproq ommalashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek