
«O‘zbekneftgaz»ga tegishli bo‘lgan UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalari endi xususiy kompaniyaga tegishli. Bu haqda ma’lumotlar Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestrida mavjud.

Hujjatda yonilg‘i quyish shoxobchasining yangi egasi Petroleum Technology Group ekanligi ko‘rsatilgan. Kompaniya 2023-yil 4-oktabrda ro‘yxatga olingan.
Kompaniyaning asosiy qismi Daniyar Abdulazizovich Kamilovga (99%), qolgan qismi esa Delta Global Dynamicsga (1%) tegishli. Daniyar Kamilov sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘tgan yili UNG Petro’ni xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi qidirayotgan edi. Biroq xususiylashtirish natijalari hali e’lon qilinmagan. Aktivning sotuv narxi ham noma’lum.