Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini rivojlantirish uchun $1,9 milliard ajratilishini ma’lum qildi
Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga $1,1 milliard va 10 trillion soʻm ($799,2 million) yoʻnaltiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda faollar bilan yigʻilishda maʼlum qildi.
Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun viloyatga $100 million ajratiladi. Ushbu tashabbus tufayli 5,5 ming xorazmlik tadbirkor qoʻllab-quvvatlanadi. Shuningdek, 50 mingda yangi ish oʻrni yaratiladi.
Davlat rahbari Amudaryo orqali oʻtadigan yangi koʻprik xorazmlik tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish va sanoat sohasini rivojlantirish imkonini berishini qoʻshimcha qildi.
Bundan tashqari, Hazorasp erkin iqtisodiy zonasida xitoylik investorlar koʻmagida umumiy qiymati $300 millionlik toʻrtta loyiha ishga tushiriladi.
Urganch shahridagi «Al-Xorazmiy» majmuasida ishlab chiqarish binolari tadbirkorlikka oʻtkaziladi. Xorijiy investorlar koʻmagida viloyatda qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish boʻyicha tashabbuslarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Xorazm viloyatida «Oʻzbekiston -Turkmaniston» savdo zonasi tashkil etilishi haqida maʼlum qilgan edi.