O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov 2700chess.com portali talqiniga ko‘ra dunyoning eng kuchli shaxmatchilari reytingida beshinchi o‘rinni egalladi.
4-mart holatiga ko‘ra, o‘zbekistonlik grossmeyster 2761 ball to‘plagan. U Prague International Chess Festival turnirida Chexiya va Polsha shaxmatchilari ustidan uch marta g‘alaba qozonib, 11,1 ochko jamg‘arib, reytingdagi o‘rnini yaxshiladi.
Reytingda birinchi o‘rinni norvegiyalik shaxmatchi Magnus Karlsen, ikkinchi o‘rinda amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana, uchinchi o‘rinda yana bir AQSh vakili Hikaru Nakamura joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyi oxirida Abdusattorov 2700chess.com reytingida o‘ninchi o‘rinni egallagan edi.
Avvalroq «Kursiv» o‘tgan yozda Umida Omonova 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionati g‘olibi bo‘lganini yozgan edi.