O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi Italiyada o‘zbekistonlik qilichboz bilan sodir bo‘lgan voqea haqidagi asossiz ma’lumotni rad etdi.
Avvalroq o‘zbekistonlik sportchini uch nafar italiyalik qilichboz zo‘rlagani haqida xabar tarqalgan edi.
Bugun e’lon qilingan rasmiy bayonotda qilichbozlik bo‘yicha milliy terma jamoa 2023-yilda Italiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda emas, balki 4-5 avgust kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan Butunjahon Universiadasida ishtirok etgani ta’kidlangan.
«Shuningdek, bu maʼlumot oʻzbekistonlik qilichbozlarimiz jahon reytingida yetakchilik qilayotgan bir paytda Italiya qilichbozlik federatsiyasi rahbariyati tomonidan tayyor ssenariy asosida yozilgan maxsus tayyorlangan yolgʻon xabardir»— deyiladi qilichbozlik federatsiyasi saytida.
Federatsiya vakillari yolg‘on ma’lumotlar tarqalishidan xavotir olib, bunday harakatlar sportchilar va umuman sport tashkiloti obro‘siga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, ular bunday urinishlar muvaffaqiyat qozongan sportchilarni obro‘sizlantirishga qaratilgan sport-siyosiy o’yinning bir qismi ekanligini ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, Italiyalik uch qilichboz o‘zbekistonlik 17 yoshli qilichbozlik bo‘yicha chempionini zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar bermoqda TRT. Bu o’tgan yilning avgust oyida sodir bo’lgan, biroq Siena politsiyasi jinoiy ish bo’yicha tergovni boshlaganidan keyingina ma’lum bo’ldi.