YeTTB Oʻzbekistondagi energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonaga 15 million yevro ajratadi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Oʻzbekistonning Eurasia Bottlers korxonasiga kredit ajratishni maʼlum qildi. Moliyaviy muassasa maʼlumotlariga koʻra, mablagʻ ishlab chiqarish quvvatlarini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi.
Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish loyihasi 32,4 million yevroga baholangan boʻlib, YeTTB 15 million yevro ajratadi. Qolgan 17,4 million yevro esa «Eurasia Bottlers» investitsiyalari boʻladi.
Shuningdek, YeTTB kompaniyaga mahsulot sifatini nazorat qilishning global standartlarini joriy etishda yordam beradi.
Maʼlumot uchun, Eurasia Bottlers 2020-yilda tashkil etilgan boʻlib, kompaniya salqin ichimliklar va mineral suvlar, jumladan, Flash Up energetik ichimligini ishlab chiqaradi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri maʼlumotlariga koʻra, Eurasia Bottlers ustav kapitalidagi ulushning 55,67 foizi Dmitriy Turapovga, 44,33 foizi Eurasian Investment Group Limited kompaniyasiga tegishli.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda 1-apreldan energetik va gazlangan ichimliklar uchun aksiz soligʻi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.