Lixtenshteyn O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 146-davlat bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va uning lixtenshteynlik hamkasbi Kristian Venvayzer imzoladi.
Lixtenshteyn Knyazligi 1719-yil yanvarda tashkil topgan. XIX-asr oʻrtalarida Germaniya ittifoqidan mustaqillikka erishdi. 2023-yilda ushbu Yevropa davlatida 38,9 ming kishi istiqomat qilgan.
2020-yilda Lixtenshteyn yalpi ichki mahsuloti $6,1 mlrd tashkil etdi. Iqtisodiy faoliyatning asosiy yoʻnalishlari metallga ishlov berish, asbobsozlik va protsessorlar ishlab chiqarish hisoblanadi. Knyazlik pochta markalarini ham ishlab chiqaradi.
Avvalroq «Kursiv» 2023-yil iyun o‘rtalarida mamlakatimiz Karib dengizidagi Trinidad va Tobago orol davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatganini yozgan edi.