O‘zbekistonda 2000-yildan beri 2,2 mln kishi kambag‘allikdan chiqdi
O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2000-yildagi 24 foizdan 2020-yilda 11,5 foizga tushib ketdi, natijada 2,2 mln kishi kambag‘allikni tark etdi, deyiladi BMTning O‘zbekistondagi kambag‘allik indeksi bo‘yicha 2023-yil uchun hisobotida.
Katta yoshdagi aholining taxminan 18,4 foizi (4,2 mln kishi) kambag‘al.
Kambag‘allik indeksini tuzishda, asosan, ta’lim darajasi (13,7 foiz), oziq-ovqat xavfsizligi (11,7 foiz) va norasmiy bandlik sektori (11,5 foiz) bo’yicha ma’lumotlar muhim rol o’ynadi.
Aholi qatlamlarini kambag‘al deb belgilash uchun asos bo‘lgan sharoiti past tarmoqlar orasida sanitariya (14 foiz), bank hisobi (13,9 foiz), ta’lim (13,2 foiz), yonilg‘i (13 foiz) sohalari muammoli tarmoqlardir.
BMT hisobotida qayd etilishicha, barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha kam ta’minlanganlarning eng katta ulushi Qoraqalpog‘iston (29,9 foiz), Namangan viloyati (27,5 foiz) va Toshkent viloyatiga (26,5 foiz) to‘g‘ri keladi.
Chekka hududlar va qishloqlarda reyting juda past. Yirik shaharlarda kambag‘allik indeksi o‘rtacha 13,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, nisbatan chekka hududlarda bu ko‘rsatkich 23,2 foizni tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi pasayganini e’lon qilgan edi. O‘zbekistonda o‘tgan yili kambag‘allik darajasini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, ushbu ko‘rsatkich 14,1 foizdan 11 foizga qisqarishiga olib keldi.