Mirziyoyev oʻzbek xalqini Ramazon oyining boshlanishi bilan tabrikladi

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
Bu oyni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos tarzda nishonlash uchun barcha sharoit yaratilganini alohida ta’kidladi
Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini Ramazon oyi boshlanishi bilan tabrikladi.

«Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli bo‘lgan, barcha ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman», – dedi respublika rahbari.

Bu oyni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos tarzda nishonlash uchun barcha sharoit yaratilganini alohida ta’kidladi.

«Inson qadri – ulug‘» degan olijanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodimizni bilim-ma’rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz o‘rtasida mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda bo‘ladi, deb ishonamiz», – dedi Mirziyoyev.

Hadislarda taʼkidlanganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik oʻn barobar savob sifatida qaytariladi, dedi davlatimiz rahbari.

«Ming afsuski, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda, begunoh insonlarning qoni to‘kilmoqda. Biz butun xalqimiz bilan birga yaratgan Egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go‘zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo‘lishini chin dildan so‘rab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilamiz», – dedi Mirziyoyev.

Shuningdek