O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari deyarli 2,4 milliard dollarga kamaydi
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2,37 milliard dollarga kamayib, 1 mart holatiga koʻra 32,2 milliard dollarni tashkil etdi.
Mart oyi boshida oltin hajmi 11,9 million troy untsiyani tashkil qildi. Oltin zahiralarining qiymati 24 milliard dollarga baholangan bo’lsa, yanvarda bu ko’rsatkich 24,6 milliard dollarni, fevralda esa 24,9 milliard dollarni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, konvertatsiya qilinadigan valyuta zaxiralari 9,3 milliard dollardan 7,5 milliard dollarga qisqardi.
«Xalqaro zaxiralar hajmidagi yil boshiga nisbatan oʻzgarishlar mavsumiy tusga ega boʻlib, odatda yanvar-fevral oylarida kuzatiladigan tendensiya hisoblanadi. Shuningdek, mazkur dinamikaga 2019-yilda muomalaga chiqarilgan suveren Yevro obligatsiyalar bir qismining soʻndirilishi ham taʼsir koʻrsatgan», — deya ta’kidladi respublika Markaziy banki.
Avvalroq Kursiv o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki oltinning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biriga aylangani haqida yozgan edi.