Kuzatilayotgan yogʻingarchilik sabab Fargʻona viloyatining uchda tumanida elektr taʼminoti bilan bogʻliq uzilishlar yuzaga keldi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kuchli yomgʻir natijasida viloyatning 6-10 kVli 11 ta elektr uzatish tarmoqlarida nosozliklar kelib chiqqan. Yuzaga kelgan uzilishlar sababli hududning Beshariq, Dangʻara va Oʻzbekiston tumanlarida qariyb 7,5 ming nafar isteʼmolchi elektr taʼminotisiz qoldi. Vazirlikning maʼlumotiga koʻra, noqulay ob-havoga qaramay ishchi guruh taʼmirlash ishlarini olib bormoqda.
Maʼlumot uchun, 8-martdan Oʻzbekistonda elektr energiyasiga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilingan edi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda isteʼmolchilar benzin va dizel yonilgʻisi bilan toʻliq taʼminlanayotgani haqida xabar bergan edi.