Markaziy bank Nyu-York Federal zaxira bankida kastodian hisob raqami ochadi
Oʻzbekiston Markaziy banki Nyu-York Federal zaxira bankida kastodian hisob raqami ochmoqchi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.
Bitim joriy yilning mart oyi boshida O‘zbekiston Markaziy banki delegatsiyasining AQShga tashrifi chog‘ida imzolangan edi. Shuningdek, tomonlar qimmatli qog‘ozlar garovi bilan kredit berish to‘g‘risida shartnoma tuzdilar.
Kastodian hisob mijozlarning qimmatli qog’ozlari va turli moliyaviy aktivlarini saqlashga imkon beradi.
Nyu-York Federal zaxira banki AQShdagi 12 ta rezerv banklaridan biridir. Ushbu moliya instituti mamlakatning pul-kredit siyosatini belgilaydi va Federal zaxira tizimi uchun bozor agenti sifatida ishlaydi.
Avvalroq «Kursiv» fevral oyida Markaziy bank uchta bankni jarimaga tortganini yozgan edi.