14-mart kuni LOT Polsha Airlines aviakompaniyasining ilk muntazam reysi Varshavadan Toshkentga yetib keldi, deb xabar bermoqda «Kursiv» muxbiri.
Boeing 737 MAX 8 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 09:00da poytaxtga kelib qo‘ndi. Parvoz 6 soat davom etgan. Toshkent xalqaro aeroportida yangi yo‘nalishning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
«Bugun «LOT Polish Airlines» aviakompaniyasining yana bir yoʻnalishi ochildi. O‘zbekiston dunyodagi eng qiziqarli mamlakatlardan biri bo‘lib, Polsha va Yevropadan kelgan yo‘lovchilarga juda ko‘p narsalarni taklif qila oladi. Ishonchim komilki, havo kemamiz bortida Markaziy Osiyoning yuragiga qulay sharoitda yetib borish imkoniyati Polsha va O‘zbekiston o‘rtasida turizm va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun turtki bo’ladi. Biz bu yoʻnalishni Oʻzbekiston fuqarolari manfaatlarini ham hisobga olgan holda ochdik. Qulay tranzit punkti boʻlgan Varshavaning Shopin aeroportidan Toshkent yoʻlovchilari bizning yoʻnalishlar tarmogʻimizda mavjud boʻlgan Yevropa yoki Shimoliy Amerikaning 80 ga yaqin shaharlariga yetib borishlari mumkin», – dedi aviakompaniya bosh direktori Mixal Fiyol ochilish marosimida.
Ushbu reyslar yo‘lga qo‘yilishidan avval O‘zbekiston va Polsha tomonlari muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
LOT Polish Airlines – 1929-yilda tashkil etilgan Polsha aviakompaniyasi. Tashkilot dunyodagi eng qadimgi va eng yirik alyans bo’lgan Star Alliance a’zosi hisoblanadi. Aviakompaniya 80 ga yaqin samolyot parkiga ega va uning tarmog’i 100 dan ortiq turli yo’nalishlarni o’z ichiga oladi.