Yangiliklar

“Qo‘yliq” bozori faoliyatini yakunladi

Aksiyadorlar bu haqda 29-fevral kuni qaror qabul qilishdi
Rasm: Yandeks.Xarita

Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori («Qo‘yliq») yuridik shaxs sifatida tugatilmoqda. Aksiyadorlar bu haqda 29-fevral kuni qaror qabul qilishdi.

Korparativ axborot yagona portali saytidagi maʼlumotlarga koʻra, 5-yanvardan boshlab bozordagi tadbirkorlar faoliyati toʻxtatilgan.

«Shu o‘tgan ikki oy davomida bozor faoliyatini qay tartibda davom ettirish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish bo‘yicha biror bir rasmiy yoki norasmiy maʼlumotlar bugungi kunda mavjud emasligi, bozor faoliyati ikki oydan buyon to‘xtab turgan bo‘lsada yer solig‘i, mulk solig‘i hisoblanishi davom etib turganligi, bu holat davom etsa jamiyatning moliyaviy ahvoli qiyinlashib qolishi kutilishi sababli jamiyatni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy tugatish maqsadga muvofiq deb topilgan» — deyiladi aksiyadorlar qarorida.

Biroq, bundan davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar manfaatdor bo‘lsa, bozorni tugatish to‘xtatilishi, kompaniya faoliyati tiklanishi mumkinligi aniqlangan.

AJning asosiy aksiyadori Toshkent shahar hokimligi edi – 93 foiz, qolgan aksiyalar esa xodimlarga tegishli edi.

Eslatib o‘tamiz, 5-yanvar kuni Qo‘yliq rekonstruksiya uchun yopilgani ma’lum bo‘lgan edi.

«Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo’llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda».— aytib o‘tildi shahar hokimligida.

Qayta qurish jarayonida savdo faoliyati «Food City» va «Toshkent Index» savdo markazlari hududiga ko‘chirildi. Maʼmuriyat sotuvchilarning tovarlari va boshqa mol-mulkini tashish bilan bogʻliq xarajatlar qoplanishini, tadbirkorlar savdo majmualaridagi doʻkonlarni uch oyga ijaraga olishdan ozod etilishini qoʻshimcha qildi.