Markaziy Osiyo davlatlarida uzoq yillardan beri oiladagi zo‘ravonlik mavzusi tabu bo‘lib kelgan, deydi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbaeva. Bu haqda u BMT Axborot xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Umuman olganda, [oilaviy zo‘ravonlik] yopiq mavzu edi, buni milliy urf-odatlarimizga, mentalitetimizga bog‘lashar edi, bu Markaziy Osiyo yoki musulmon mamlakatlari xalqining fe’l-atvoriga mos kelishi mumkin deyishardi. Lekin so‘nggi yillarda, albatta, odamlarning dunyoqarashi o‘zgardi va ayollar haqiqatan ham o‘z huquqlarini hurmat qilishni talab qila boshladilar», – deydi Narbaeva.
U O‘zbekiston Markaziy Osiyoda oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb hisoblagan birinchi davlat bo‘lganini eslatdi.
«Endi, albatta, biz oʻz tajribamizni boshqa davlatlar bilan baham koʻrishdan xursandmiz. Qozogʻistonda ham shunday qonun qabul qilinayotganini eshitdik. Bunday qonun boshqa davlatlarda ham koʻrib chiqilmoqda. Ammo bu qonunning qabul qilinishi ishning yarmidir. Eng muhimi, uni hayotda ham amalga oshirishdir», — deya qoʻshimcha qildi Senat raisi.
Narbaevaning soʻzlariga koʻra, qonunni qabul qilish qiyin boʻlgan, ishchi guruh uning ustida bir yil ishlagan.
«Albatta, maʼlum lavozimlarda oʻtirgan odamlar, erkak rahbarlar, ularning baʼzilari bu meʼyorlarni qabul qilishni istamadi. Ammo, shunga qaramay, biz ilgari surgan maqsadimizni hamma tushunishi va qabul qilishi kerak edi. Shu bois, mazkur qonun oʻtgan yilning aprel oyida qabul qilingan va u allaqachon amalda», — dedi Narbaeva.
Ayni paytda mamlakatda aholi o‘rtasida keng targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. Jismoniy zo‘ravonlik tushunchalari ilgari mavjud bo‘lganiga qaramay, iqtisodiy zo‘ravonlik va psixologik zo‘ravonlik masalalari O‘zbekiston qonunchiligida o‘z aksini topmagan.
«Bu tushunchalar joriy etilib, ish beruvchilar va oilalarda tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Mahalla muassasalari haqida bilsangiz kerak. <…> Biz ushbu tuzilmalar orqali qonunchilik normalarimiz va zo‘ravonlik masalalarini tushuntirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz», — dedi Senat raisi.