Daromad olish uchun bitkoinga pul tikish arziydimi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bu haqda “Kursiv” mutaxassislar bilan suhbatlashdi
Foto: depositphotos.com

So‘nggi haftalarda bitkoin narxi aql bovar qilmaydigan darajaga ko‘tarildi. 12-fevral kuni uning narxi $50 mingdan oshdi. Bu 2021-yil oxiridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ammo o‘sishni to‘xtatmasdan, Coindesk ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 11-martida kriptovalyuta $71 ming tashkil etgan yangi rekord darajaga yetdi. Bitkoin narxi nega tez ko‘tarilganini bilish uchun «Kursiv» Paynet-Crypto kriptovalyuta do‘koni rahbari Ulug‘bek Muslimov va Lockton Finance kriptodepozitariy kompaniyasi tijorat direktori Abdullayev Amir Malik bilan suhbatlashdi.

Nega bitkoin o‘sib bormoqda?

Bitkoin nima uchun bunchalik o’sdi degan savolga kriptodo’kon rahbari Ulug’bek Muslimov bir necha omillar haqida gapirdi. Birinchidan, u bu o’sishni investorlar va treyderlar faolligining ortishi bilan bog’laydi, chunki ETF’larga ruxsat berilgan. Eslatib o’tamiz, AQSh Qimmatli qog’ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) joriy yilning yanvar oyida bitkoinning bozor (spot) narxini kuzatuvchi birinchi ETF’larga ruxsat berdi. Investorlar ushbu voqeani uzoq vaqtdan beri kutishgan.

Lockton Finance tijorat direktori Abdullayev Amir Malik bu pozitsiyaga qo’shiladi.

«Bunday ruxsat kriptovalyutani o’zi sotib olmasdan, ushbu aktivga sarmoya kiritish imkonini beradi. Investor bitkoin ETF aktsiyalarini oddiy brokerlik hisoblari orqali sotib olishi mumkin. Bu kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat etilmagan mamlakatlardan kelgan institutsional investorlarga ushbu aktivlarni sotib olish imkonini beradi», – dedi u.

Ulugʻbek Muslimov, shuningdek, yirik birjalar bankrot boʻlganidan soʻng institutsional investorlarning pullarini kriptoga qaytarish talabni kuchaytirishini qoʻshimcha qildi.
Mutaxassis, shuningdek, kriptovalyuta narxiga makro omillar ham ta’sir qilishiga ishonadi. AQSh Federal zaxira tizimi stavkalarni kamaytirishi kutilmoqda va shu asosda oltin va bitkoin kabi aktivlar ko’tarila boshlaydi.

Mutaxassisning fikricha, narxning o’sishiga aprel va may oylari oralig’idagi halvingni (ingl. halving – yarmiga bo’lish) kutilishi ham ta’sir qiladi. Shundan so’ng maynerlarning mukofoti ikki baravar kamayadi. Bunday vaziyatda talab hozirgi darajada qoladi, taklif esa kamayadi, bu esa nomutanosiblik va narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin. Ammo kripto do’konining vakili hammasi aksincha bo’lishi mumkin, deb taxmin qildi. Bu, agar treyderlar halvingdan oldin foyda olishni (sotishni) boshlasa, yuz berishi mumkin. Shunda narxlar pasayadi.

«Halving – bu oldindan rejalashtirilgan tadbir bo’lib, uning davomida yangi bloklarni yaratish va mayning uchun mukofot 50% ga kamayadi, maynerlar esa qazib olingan BTC miqdorining faqat yarmini oladilar», – deb tushuntirdi Abdullayev Amir Malik.

Biroq, u bitkoinning o’sishining aniq sabablari murakkab, aniq bo’lmagan va ko’pincha turli talqin va fikrlarga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Bitcoin sotib olishga arziydimi?

Abdullayev Amir Malik , shuningdek, bitkoin kabi kriptoaktivlar bozori sezilarli o’zgaruvchanlikka duchor bo’lishini va prognozlar tartibga soluvchi o’zgarishlar, texnologik o’zgarishlar, geosiyosiy voqealar, shuningdek, bozorning yirik ishtirokchilarining harakatlari kabi turli omillarga qarab o’zgarishi mumkinligini qo’shimcha qiladi.

Bitkoinni sotib olish yoki olmaslik haqida qaror qabul qilish uchun mutaxassis o’z tadqiqotingizni o’tkazishni yoki eng dolzarb ma’lumotlarni olish uchun ekspert tahlilchilar bilan bog’lanishni tavsiya qildi.

«Shuningdek, oʻzgaruvchan kriptoaktivlar bilan operatsiyalar yuqori xavflar, jumladan, mablagʻlarni toʻliq yoʻqotish ehtimoli bilan bogʻliqligini ham hisobga olishingiz kerak. Xatarlar kriptoaktivlar qiymatining keskin o’zgarishi, texnik nosozliklar va uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari bilan bog’liq bo’lishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasida kriptoaktivlar to‘lov vositasi emas», — deya qo‘shimcha qildi Lockton Finance tijorat direktori.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zR fuqarolari va yuridik shaxslari kriptoaktivlarni sotib olish, sotish yoki ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat milliy xizmatlar provayderlari orqali amalga oshirishlari mumkin.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda kriptovalyuta sotib olishning qanday yo‘llari borligini e’lon qilgan edi. O‘zRda rasman kriptovalyuta sotib olish juda oson. Xarid qilish jarayoni do‘kon yoki birjaga qarab farq qilishi mumkin. 

Shuningdek