Shahnoza Mirziyoyeva Samarqandda “zanjirband qilingan” bola bilan bogʻliq vaziyatga izoh berdi
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqanddagi 13 yoshli zanjirband qilingan bola holatini oʻz nazoratga oldi. oʻsmirga malakali psixologlar tomonidan zarur yordam koʻrsatilmoqda, ayni paytda uning salomatligiga hech narsa tahdid solayotgani yoʻq, dedi agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
«Mazkur jinoyat fosh boʻlishiga hissa qoʻshgan, oʻz vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan hushyor va gʻamxoʻr jamoatchilik vakillaridan chin dildan minnatdorman. Ularning yordami bilan oʻsmir uchun yanada ayanchliroq zoʻravonliklarga duchor boʻlishining oldi olindi», — deb yozdi Mirziyoyeva oʻzining Instagram sahifasida.
Uning qoʻshimcha qilishicha, mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Ushbu moddaning sanksiyasi (Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari), majburiy jamoat ishlari (360 soatgacha), ozodlikdan mahrum qilish (uch yilgacha) nazarda tutilgan. Baʼzi hollarda jazo yanada qattiqroq boʻlishi mumkin.
Mirziyoyevaning qoʻshimcha qilishicha, jabrlangan bolakayning oʻqishi va yashashi uchun normal sharoit yaratib beriladi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil orqasida oyoqlari kishanlangan holda oʻtirgan bola aks etgan video tarqalgan edi.
Oʻzbekiston Bolalar ombudsmanining Telegram kanalida bolaning oyoqlari vasiylari tomonidan kishanlangani haqida xabar berilgan edi. Bu bolaning mashinadan qochib ketishining oldini olish uchun qilingan. Oʻsmir voyaga etmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markaziga yetkazilgan.
Avvalroq “Kursiv» oʻzbek qizlarining uchdan bir qismi er oʻz xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblashi haqida maʼlum qilgan edi.