Yangiliklar

Mirziyoyev: Iqtisodiy loyihalar koʻp qavatli uylarga yaqin boʻlishini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi

Quyuv-mexanika zavodiga tashrif buyurdi
Rasm: Prezident matbuot xizmati

Fuqarolarning ishga borishini osonlashtirish uchun turar-joy massivlariga yaqinlikni hisobga olgan holda iqtisodiy loyihalar ishlab chiqiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Quyuv-mexanika zavodiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

 «Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz – ko‘proq ish o‘rinlari yaratish. Masalan, bu yil mamlakatimizda 100 mingta uy qurmoqchimiz. Ular qachon odamlarga ma’qul bo‘ladi? Yonida ish o‘rni bilan bo‘lsa. Shuning uchun, xuddi tomorqalarda bo‘layotganidek, ko‘p qavatli uylar bo‘yicha ham mahallalarda iqtisodiy loyihalar qilinadi. Qaysi xonadonda ishsiz bo‘lsa, bandligiga ko‘maklashiladi. Bunda mana shunday zavodlar muhim», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrif davomida Mirziyoyev zavodni ko‘zdan kechirib, uning faoliyati bilan tanishdi. Bugungi kunda korxona yiliga 1,2 ming dona yuk vagonlarini ishlab chiqarish va 1,5 ming dona yuk vagonlarini ta’mirlash quvvatiga ega.

Korxonada 100 turga yaqin mahsulot ishlab chiqarish mahalliylashtirildi. 2023-yilda jami 267 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, $10 mln 170 ta vagon va ehtiyot qismlar eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda eksport hajmini $15 mln yetkazish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan Yoshlar bog‘i’ga ham tashrif buyurdi.