O‘zbekiston byudjeti kripto-biznesmenlardan ko‘proq daromad oladi
O‘zbekistonda kriptoaktivlar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning to‘lovlari oshiriladi. Tegishli qaror O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. O‘zgartirishlar 2024-yil 20-iyundan kuchga kiradi.
Kriptobirjalardan olinadigan oylik to‘lovlar 400 BHMdan 740 BHMgacha (136 dan 251,6 million so‘mgacha) ko‘tariladi. Kriptodo‘konlar uchun bu miqdor 20 dan 185 BHMgacha (6,8 dan 62,9 million so‘mgacha) oshadi.
«Taʼkidlash joizki, kiritilayotgan oʻzgartirishlar davlat byudjetiga tushumlarni kamida 2 barobar oshirish imkonini berib, shu bilan birga xizmat koʻrsatuvchi provayderlarning moliyaviy holatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmaydi», – deyiladi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bayonotida.
Regulyatorning murojaatiga ko’ra, to‘lovlarni oshirish to‘g‘risidagi qaror bozor ishtirokchilarining rentabelligi yaxshi darajada ekanligi bilan bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 20-mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda ikkita tashkilot kriptobirja litsenziyasiga ega. Shuningdek, respublika bozorida 10 ta kriptodoʻkon va ikkita depozitariy faoliyat koʻrsatmoqda.
Kriptoaktivlar sohasidagi byudjet daromadlari avval ham o’sib borayotgan edi. 2023-yilda kriptoaktivlar aylanmasi O‘zbekistonga boj va yig‘imlar ko‘rinishida 36,2 milliard so‘m keltirdi. 2022-yilda bu ko‘rsatkich 10 barobar kam – 3,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
Avvalroq «Kursiv» pul ishlash uchun O‘zbekistonda bitkoin sotib olishga arziydimi yoki yo‘qligi haqida yozgan edi.