Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqini Navroʻz bayrami bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev bugun, 21-mart kuni «Humo Arena» majmuasida boʻlib oʻtayotgan Navroʻz shodiyonasida nutq soʻzlab, oʻzbekistonliklarni Navroʻz ayyomi bilan tabrikladi.
«Siz, qadrdonlarimni, koʻpmillatli butun Oʻzbekiston xalqini barchamiz sogʻinib kutgan Navroʻzi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman. Mana shu quvonchli kunlarda ona zaminimiz, jonajon Oʻzbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylanmoqda», — deydi prezident.
Prezident Oʻzbekistonda yangi tadbirkorlar avlodi ana shu anʼanani munosib davom ettirib, dadil maydonga chiqmoqda. Eng muhimi, biznes sohasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizda ham hal qiluvchi kuchga aylanayotganini taʼkidladi.
«Biz ishbilarmonlik muhiti rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Joriy yilda qabul qilingan davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion soʻm va $460 million mablagʻ yoʻnaltirish belgilangani ham bu fikrni tasdiqlaydi», — dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Osiyo oʻyinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, Oʻzbekistonning ushbu musobaqalardagi rekordini yangilangani eʼtirof etildi. Jumladan Praga xalqaro musobaqasida gʻolib boʻlgan Nodirbek Abdusattorovning yutuqlari aholida qayd etildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari davlat faol, mehnatkash va ishbilarmon fuqarolarini doimo qoʻllab-quvvatlashini aytib, mahallalarda yoshlarga tadbirkorlikni oʻrgatadiganlarga 300 milliondan 1 milliard soʻmgacha grantlar berilishini maʼlum qildi.
«Taʼkidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qoʻllab-quvvatlaydi.
Masalan, xonadonlardagi tomorqada yetishtiriladigan mahsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi, shu mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million soʻmdan 1 milliard soʻmgacha grant beriladi. Bundan tashqari, boʻsh yerlarda sanoatbop daraxtlar oʻstirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi»,— deydi prezident.