Fond bozorlardagi vaziyat: neft narxi oshgan boʻlsa, Apple va Teslaʼning aksiyalari arzonlashmoqda
25-mart, Dushanba kuni ertalab Osiyo bozorlarida neftning narxlari Yaqin Sharq va Ukrainadagi mojarolar fonida xomashyo yetkazib berishning qisqarishi xavotirlari tufayli oshib bormoqda, deb yozmoqda Reuters.
Unga koʻra, Brent markali neftning narxi bir barrel uchun $85,67 ga, WTI bo‘lsa $80,88 gacha koʻtarildi. Narxlar taxminan 0,3% ga oshdi. Harbiy mojarolardan tashqari, vaziyatga Amerika burgʻilash qurilmalari sonining qisqarishi haqidagi maʼlumotlar taʼsir koʻrsatdi.
Oʻtgan haftada dollarning mustahkamlanishi fonida oltin bir unsiya uchun $2,17 minggacha arzonlashdi. Dushanba kuni qimmatbaho metallning narxi koʻrsatilgan narx darajasidan biroz oʻzgarib turadi.
Texnologiya giganti Appleʼning aksiyalari 22-mart kuni 0,53 foizga qimmatlashdi. Bitta qimmat qogʻoz $172,28 tashkil qilgan bo’lsa, bugun, 25-mart kuni ertalab kompaniya uchun biroz salbiy tendensiya kuzatildi.
Shuningdek, Tesla, Microsoft va Intel kompaniyalari aksiyalari arzonlashgan boʻlsa, Amazon, Meta va Nvidia aksiyalarining narxi aksincha oshishda davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» ushbu haftada qanday voqealar investorlar eʼtiborini jalb qilishi haqida maʼlumot bergan edi.