O‘zbekistonda yiliga necha tonna oltin qazib olinadi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Respublikada qazib olinayotgan qimmatbaho metallar hajmining atigi 6 foizi qayta ishlanadi
Foto: Navoiy kon-metallurgiya kombinati sayti

O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmi yiliga 100 tonnani tashkil etadi. Ammo bu hajmning atigi 6 foizi qayta ishlanadi. Bu haqda O‘zR prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Gavhar grup» zargarlik fabrikasiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

«Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin, yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanayapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilayapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratayapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident matbuot xizmatining qoʻshimcha qilishicha, «Gavhar Grup» korxonasida turk ishbilarmonlari bilan fikr almashilgan, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.

Matbuot xabarida, shuningdek, so‘nggi yillarda zargarlik sanoatining rivojlanishiga prezidentning 2019-yil 18-maydagi «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ko‘maklashayotgani ta’kidlangan. Hujjat soha vakillari uchun keng imkoniyatlar ochdi. Jumladan, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga kon-metallurgiya kombinatlaridan va aholidan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar parchalari hamda ulardan tayyorlangan mahsulotlarni xarid qilish huquqi berildi. Xorijdan texnologiyalar va mutaxassislarni jalb etishda ko‘mak ko‘rsatildi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda so‘nggi yillarda zargarlik sanoati qanday rivojlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek