Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bogʻlaydigan temir yoʻl reyslari yoʻlga qoʻyiladi. Bu tashabbus prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi yigʻilishda maʼlum qilindi.
Shuningdek, Namangan-Pop-Chodak yoʻnalishida kunlik qatnovlar ham yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.
Namangan viloyatida togʻ turizmini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud. Bunday turizm loyihalarini viloyatning Pop, Chust, Yangiqoʻrgʻon va boshqa tumanlarida ham yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Davlat rahbari joriy yil oxirigacha ushbu tumanlarda togʻ turizmini rivojlantirish rejasini ishlab chiqish va loyihalarni ishga tushirish muhimligini taʼkidladi.
Prezident Transport vazirligiga Fargʻona vodiysiga kunlik reyslar hajmini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, bayram kunlari temir yoʻl va aviaqatnovlarini ikki barobarga koʻpaytirish topshirildi.
Avvalroq «Kursiv» Xitoyning Yutong kompaniyasi Namanganga yuz dona avtobus yetkazib berishi haqida xabar bergan edi.