Yangiliklar

Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza joriy etishni taklif qilmoqda

Uning fikricha, bu mamlakat milliy xavfsizligini mustahkamlashga yordam beradi
Foto: Mixail Tereshenko / ТАСС

«Adolatli Rossiya – haqiqat uchun» partiyasi va davlat Dumasidagi partiya fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza joriy etishni taklif qildi. Uning fikricha, bu milliy xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, Markaziy Osiyo va Rossiya federatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Uning qayd etishicha, «ARHU» fraksiyasi migratsiya jarayoni ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlarni tadbiq qilish va buni viza rejimini joriy etishdan boshlash kerak, deb hisoblaydi.

«Busiz chegarada tartib boʻlmaydi, bu endi migratsiyani tartibga solish va terroristik hujumlarga qarshi turish uchun juda muhimdir!» , — deb taʼkidladi Mironov.

Fraksiya rahbari bu chorani dushmanlik ishorasi sifatida baholamaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Hamma Rossiyaning keskin harbiy qarama-qarshilikda ekanligini koʻrib turibdi. Dushmanlarimiz chegaralarning ochiqligidan foydalanib, qoʻshni davlatlardan mamlakatimizga qarshi qoʻporuvchilik harakatlarini tayyorlash uchun foydalanmoqda. Albatta bu hududda terrorchi va turli ekstremistik unsurlar qoʻshnilarimizga ham tahdid solmoqda. Shunday ekan, vizasiz rejimning bekor qilinishi butun Yevrosiyo mintaqasida xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qadamdir», — dedi Mironov.

Eslatib oʻtamiz, 22 mart kuni Moskvadagi Crocus City Hall konsert zalida bir guruh qurollangan shaxslar otishma sodir etdi. Keyinroq Bryansk viloyatida jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan bir necha kishi qoʻlga olingan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, konsert zalidagi terakt 137 kishining hayotiga zomin boʻldi, yana 180 kishi jarohatlangan. Bu zamonaviy Rossiya tarixidagi Beslan maktabidagi voqealardan keyingi ikkinchi yirik teraktdir.

24-mart kuni Rossiya sudi Moskva yaqinidagi Crocus City Hall konsert zalida terakt sodir etishda ayblangan toʻrt nafar shaxsga nisbatan ehtiyot chorasini belgiladi. Ular 22-mayga qadar tergov qamoqxonasiga joʻnatildi.