Oʻzbekistonga Zaraʼdan tashqari qanday xalqaro brendlar kirib keldi
Oʻzbekistonda xalqaro brendlarni olib kirish yuzasidan qabul qilingan arizalardan 40 dan ortiq brendlarga 60 ta sertifikatlar taqdim etilgan. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan «Oʻzbekistonda xalqaro brendlar uchun yangi imkoniyatlar» mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Oʻzbekiston xalqaro brendlar uchun katta potensial bozorga aylanib bormoqda. Buni mamlakatimizga kirib kelayotgan mashhur brendlardan ham koʻrish mumkin. Jahonning nufuzli brendlari hisoblangan Mango, Massimo Dutti, Pull&Bear, Bershka, Oysho, Stradivarius, Oxxo, Ecco, Next, Gerry Weber, Swarovski, Adidas, chanel, Zara kabi nufuzli brendlar Tashkent City Mall savdo markazida oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Shuningdek, kiyim-kechak sohasiga oid 30 dan ortiq xalqaro brendlar, jumladan, Germaniyaning 11 ta, Italiya va Turkiyaning 7 tadan, AQSH, Fransiya va Xitoyning 2 tadan brendlari Fargʻona, Namangan, Buxoro, Samarqand viloyatlarda oʻz kooperatsiya loyihalarini ishga tushirdi.
Xalqaro brendlarning mamlakatimizda rasmiy doʻkonlarini ochish choralari yengillashtirildi, jumladan, reyestrga kirish uchun Oʻzbekiston hududida oʻziga tegishli chakana savdo shoxobchalariga ega boʻlishi talabi 1 ta shoxobchaning oʻzi kifoya boʻlishi belgilandi. Shu bilan birga, xalqaro brend patentlangan tovar belgisining logotip xalqaro brend tovarlarining xalqaro elektron onlayn savdo maydonlarida mavjudligini va brend mahsulotlarning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
Avvalroq «kursiv» Tashkent City Mallʼda ochilgan Zara doʻkonidagi narxlar bilan qiziqib koʻrgan edi.