Soʻmdagi kredit stavkalari pasayib, valyutadagi esa oshmoqda

eʼlon qilindi
Stavkalari maksimum 9,8 foizga yetgan
Foto: oktava/Depositphotos

Joriy yilning fevral oyi yakunlariga soʻmdagi kreditlarning oʻrtacha tortilgan stavkasi 23,7 foizgacha, yaʼni 0,4 foizga arzonlashdi. Bunda chakana kreditlarning narxi 0,7 foizga arzonlashib, 24,4 foizga pasaydi. Korporativ kreditlarning stavkasi 22,9 foiz darajasida oʻzgarishsiz qolgan.

Soʻmdagi stavkalar pasaygan boʻlsa, valyutadagi kreditlarning oʻrtacha tortilgan stavkasi maksimum 9,8 foizga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda valyuta kreditlari faqat kompaniyalarga beriladi. Fuqarolarga bunday kreditlar berish taqiqlanadi.

«Biznes uchun yana valyutadagi kreditlarning afzalligi illyuziyasi paydo boʻlayotganga oʻxshaydi. Vaqtincha uzilishlarni yopib turish uchun qisqa muddatli valyuta kreditlariga murojaat qilishni tushunsa boʻladi, lekin uzoq muddatli valyuta kreditlari boʻyicha, ayniqsa hozirgi yuqori stavkalar va noaniqliklarda yoʻqotishlar ehtimolini baholab boʻlmaydi», — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida.

Shuningdek, soʻmdagi kreditlarga sinxronlikda soʻmdagi depozitlar oʻrtacha tortilgan stavkalari ham 0,1 foizga tushib, 19,7 foizni tashkil etdi. Bundan chakana depozitlar narxi 21,3% darajasida oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa, korporativ depozitlar 0,6% arzonlashib, 17,9% tushdi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda kreditlash hajmi oʻsishi va banklar oʻrtasida raqobat kuchayishini prognoz qilinganligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek