Xorazm viloyatining Urganch tumanida 3,3 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan fermer xoʻjaligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Departamentning viloyat boshqarmasi boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Urganch tumanidagi fermer xoʻjaligida 11 ta isitish qozonlari umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga ulaganligini aniqladi. Korxona tomonidan davlatga jami 3,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Namangan viloyatida korxona tomonidan 340,8 million so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani haqida xabar bergan edi.