“Muhtasham yuz yillik” seriali yulduzi Toshkentga tashrif buyurdi

«Muhtasham yuz yillik» serialida Hurram Sulton roli tufayli katta mashhurlikka erishgan nemis-turk aktrisasi va modelyeri Meryem Uzerli Toshkentga tashrif buyurdi. Bu haqda u oʻzining Instagram sahifasida maʼlum qildi.
«Meni Toshkent shahriga taklif qilganingiz uchun tashakkur. Biz ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va taʼlimni qanday qilib qiziqarli olib borish va koʻpriklar qurish haqida suhbatlashdik», — deb yozgan aktrisa.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Toshkentga Central Asia University taklifiga binoan tashrif buyurgan.

ma’lumot uchun, Meryem Uzerli Kassel shahrida tavallud topgan. Onasi nemis, otasi turk millatiga mansub. Aktrisa Gamburgda tahsil olgan va 2008-yilda nemis seriallari va filmlarida, shuningdek, Berlin teatrida aktyorlik faoliyatini boshlagan. U Usmonlilar imperiyasi haqidagi hikoya qiluvchi «Muhtasham yuz yillik» serialidagi ishtiroki bilan katta shuhrat qozongan.
Avvalroq «Kursiv» amerikalik aktyor Kevin Speysining Toshkentga tashrifi haqida maʼlum qilgan edi.