Elektromobillarga qiziqish kamaygan: Tesla va BYD sotuvlar keskin pasayganini maʼlum qildi
Amerikaning Tesla va Xitoyning BYD kompaniyalari raqobat kuchaygani va geosiyosiy qiyinchiliklar tufayli elektromobillar sotuvi keskin pasayganini maʼlum qildi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Unga koʻra, joriy yilning yanvar-mart oylarida Tesla 386,8 mingga yaqin elektromobil yetkazib bergan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 8 foizga koʻpdir. Lekin kompaniya 2024-yilning birinchi choragida 450 ming dona avtomobil sotishni rejalashtirgan edi. Bu esa Tesla aksiyalarining 5 foizga tushishiga olib keldi.
Xuddi shu davrda BYD 300 mingdan sal koʻproq elektromobil sotgan. Bu esa kompaniyaning birinchi chorakda avtomobil yetkazib berish hajmi 42 foizga kamayganini ko‘rsatadi. Shuningdek, kompaniya dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchi maqomini ham yoʻqotdi.
Kompaniya mijozlarni qaytarishga harakat qilib, avtomobil narxlarini pasaytirmoqda. Xitoy bozorida deyarli barcha BYD elektromobilining narxi pasaytirildi.
Tesla savdolarning pasayishiga Yaman husiylarining Qizil dengizdagi kemalarga hujumi logistikadagi uzilishlar tufayli kompaniya zavodlarining yopilishi sabab boʻlganini taʼkidladi.
Tahlilchilarning fikriga koʻra, vaziyatga Amerika Qoʻshma Shtatlarida (AQSh) iqtisodiy oʻsish surʼatlarining sekinlashishi, elektromobillar bozorida raqobatning kuchayishi va iste’molchilarda transportning ushbu turiga nisbatan shubhalarning salbiy taʼsir koʻrsatgan.
«Biz chorak yomon boʻlishini kutgan boʻlsak-da (elektr avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun. – Tahr.), bu haqiqiy falokat boʻldi», — dedi Wedbush moliyaviy konglomerat tahlilchisi Den Ives.
Avvalroq «Kursiv» mart oyi boshida Tesla AQShning eng qimmat 10 ta kompaniyasidan chiqib ketgani haqida xabar bergan edi.