Yangiliklar

Tayvanda chorak asrdagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Qo‘shni davlatlar hukumatlari sunami xavfi borligini e’lon qilishdi
Rasm: AP

Bugun, 3-aprel kuni ertalab Tayvan orolida 7,2 magnituda boʻlgan zilzila sodir boʻldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Zilzila epitsentri Tayvanning sharqiy sohillarida, 15,5 km chuqurlikda joylashgan edi. Mahalliy vaqt bilan 07:58 da yer silkinishini Taypey poytaxti aholisi his qilgan. Shaharning bir qancha hududlarida elektr taʼminotsiz qolgan, Xualyanda binolar qulashi qayd etilgan.

Tayvan telekanallarining aytishicha, bu orolda soʻnggi 25 yil ichida sodir boʻlgan eng kuchli zilzila.

Sunami xavfi tufayli Yaponiya hukumati Okinava prefekturasining qirgʻoq boʻyi hududlari aholisini evakuatsiya qilishni buyurdi. Filippin seysmologiya agentligi, shuningdek, bir necha hududlardagi odamlarni tepaliklarga koʻchishga chaqirdi. Zilzila Shanxayda ham sezilgan.

1999-yilda Tayvanda 7,6 magnituda boʻlgan zilzila sodir boʻldi. Hodisa tufayli 2,4 mingga yaqin odam halok boʻlgan edi, 50 ming bino vayron boʻlgan edi.

Avvalroq «Kursiv» mart oyi boshida Olmaotada Xitoy zilzilasining aks-sadolari sezilganini yozgan edi.