O‘zbekistonda bir kunlik taksi xizmatlari aylanmasi 14,5 mlrd soʻmdan oshdi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Shulardan 11,4 mlrd soʻmi naqd pul koʻrinishida boʻlsa, qolgan 3,1 mlrd soʻmi boshqa turdagi toʻlovlar orqali amalga oshirgan. Taqdim qilingan maʼlumotlarga koʻra, bir martalik yoʻlovchi tashishning oʻrtacha narxi 16 388 soʻmni tashkil qiladi.
Kun davomida onlayn agregatorlar orqali yoʻlovchi tashish xizmati 70,9 mingta taksichi tomonidan 889,3 mingta qatnov amalga oshirilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida 3 ta agregator (Yandex, Uklon va MyTaxi) soliq organlari bilan toʻliq integratsiyalashgan. Shuningdek, yana 24 ta agregator integratsiya jarayonida va 80 ta agregator esa integratsiya uchun arizalar topshirgan.
Avvalroq «Kursiv» oʻtgan yilning dekabridan 2024-yilning fevraligacha agregatorlar xizmatlari 9,7 mlrd soʻm soliq toʻlagani haqida xabar bergan edi.