Yangiliklar

Toshkentda turistik ko‘cha tashkil qilindi

Gulbozor mahallasida
Foto: Prezident matbuot xizmati

Poytaxtning Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasi sayyohlarni jalb etish maqsadida tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda rekonstruksiya qilingan edi. 3-aprel kuni davlat rahbari mahallaga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Biz xorijiy sayyohlarni buyuk tariximiz bilan koʻproq jalb etishimiz mumkin. Shuning uchun bu yer kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan turistik markazga aylanishi kerak. Bunday etnografik maskanlarni koʻpaytirish, milliy qadriyatlarimizni namoyish etish, turli festivallar oʻtkazish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari tomonidan poytaxt mehmonlariga milliy qadriyatlarimizni namoyish etish maqsadida mahallada festivallar oʻtkazishni taklif qilindi.

Mahallani rekonstruksiya qilish jarayonida kiraverishdagi tarixiy darvoza qayta tiklandi. Shu bilan birga ustunlari oʻyilgan ayvon qurildi, hunarmandchilik va kashtachilik ustaxonalari, sayyohlar uchun savdo doʻkonlari, milliy taomlar restoranlari tashkil etildi.

Bu koʻcha Shayxontohur tumanida tashkil etilayotgan “turizm halqasi»ning bir qismi boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu yerda sayyohlar qadimiylik va milliylik muhitini his etadi.

Avvalroq «Kursiv» Amir Temur shoh koʻchasidagi davlat idoralari oʻrnida savdo markazlari qoʻrilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.