Yangiliklar

Mirziyoyev va Toqayev savdo, energetika va transport masalalarini muhokama qildi

Xivada davlat rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev 5-aprel kuni Xivada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda iqtisodiyot, savdo, energetika, transport va suv xo‘jaligi kabi turli sohalardagi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.

Tokayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 2034 yilgacha bo‘lgan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.

Bugungi kunda mamlakatlarda investitsiya hajmi $2,5 milliarddan ortiq bo‘lgan, 13 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish bo‘yicha 60 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Tomonlar joriy yilda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishib oldilar.

Shuningdek, mintaqaviy muammolar, xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev «Xiva gilamlari» gilam fabrikasiga tashrif buyurgan edi.