Mutaxassislar O‘zbekistonda dollar obligatsiyalarini chiqarishni taklif qilishdi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Investorlarni jalb qilish uchun yangi vosita kerak
Foto: «Kursiv»

Xorijiy va mahalliy investorlarni qimmatli qog‘ozlar bozoriga jalb qilish uchun O‘zbekiston dollar obligatsiyalarini joriy etishni ko‘rib chiqishi kerak. 4-aprel kuni Toshkentda Amerika savdo palatasi (AmCham) tomonidan kapital bozoriga bag‘ishlangan panel muhokamasi chog‘ida ekspertlar shunday xulosaga keldi.

Muhokamada Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak, «Toshkent» Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili, Avesta Investment Group hamkori Karen Srapionov, shuningdek, TBC Capital katta maslahatchisi Otar Sharikadze ishtirok etdi.

Tadbirdan so‘ng Karen Srapionov «Kursiv»ga xorijiy valyutadagi obligatsiyalar chiqarilishini kapital bozorini rivojlantirishning asosiy masalalaridan biri deb hisoblash mumkinligini aytdi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda bunday qimmatli qog‘ozlarni chiqarish taqiqlangan. Markaziy bank va hukumat iqtisodiyotni dollarsizlashtirish siyosatini olib bormoqda. Shuning uchun ular bozorda turli xil valyuta vositalari bo’lishini xohlamaydilar. Investorlarga ko’proq so’mga sarmoya kiritish taklif etiladi. Bu valyuta risklari bilan izohlanadi», – deya tushuntirdi Avesta Investment Group vakili.

Foto: «Kursiv»

Shu bilan birga, ekspert bozorda dollarlik vositalarga talab katta ekanligini tushuntirdi. Birinchidan, mahalliy aholi tomonidan talab bor, chunki bank omonatlarining katta qismi xorijiy valyutada. Ikkinchidan, fuqarolar o’z pullarining bir qismini «matras ostida» saqlaydilar (hajmi $10 milliardgacha yetishi mumkin – «Kursiv»). Mutaxassisning fikricha, bu juda katta pul, uni hozircha hech kim ishlatmaydi.

«Xorijiy investorlar bilan ham vaziyat xuddi shunday. Ular iqtisodiyotning xavf-xatarlarini hisobga olgan holda, mahalliy qimmatli qog’ozlarni sotib olishni xohlashadi. Ammo ular uchun valyuta risklarini oldindan aytish qiyin. Vaziyatni prognoz qilish uchun sizda juda ko’p ma’lumotlar bo’lishi kerak. Shuning uchun ayni damda bizning g‘oyamiz mahalliy kompaniyalarga chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berishdir», — dedi Karen Srapionov.

Avesta Investment Group vakili valyuta riskini ham minimallashtirish mumkinligiga ishonadi. Vaziyatdan chiqish yo’li valyuta mablag’lariga ega bo’lgan, eksport bilan shug’ullanadigan yoki reytingga ega yirik kompaniyalar uchun dollar obligatsiyalarini chiqarishga ruxsat berish bo’lishi mumkin. Bu qoidalarning barchasi qonunchilikda belgilanishi mumkin, deb tushuntirdi Srapionov.

«O‘zbekistonda mahalliy kompaniya borib bankdan dollarda kredit olishi mumkin, lekin obligatsiya chiqarish orqali aholidan dollar bilan qarz ololmaydi. Shuning uchun fond bozori bu masalada banklar bilan bozorda teng sharoitga ega emas. Shu bilan birga, obligatsiyalar chiqarish istiqbollari ancha yuqori. Kelgusi besh yil ichida bu bozorga aholidan ham, xorijiy investorlardan ham mablag‘lar oqimi bo‘lishini kutmoqdamiz», – deydi ekspert.

Avvalroq «Kursiv» Markaziy bank nima uchun iqtisodiyotni dollarsizlashtirishga intilayotganini yozgan edi. Dollarlashuvning yuqori darajasi pul-kredit siyosatining samaradorligini pasaytiradi. Uning asosiy maqsadi esa narxlarni barqaror saqlashdir.

Shuningdek