Oʻzbekiston va Qozogʻiston yuk tashish uchun elektron ruxsatnomalar almashinuvini yoʻlga qoʻyadi
Oʻzbekiston va Qozogʻiston 15-apreldan boshlab transport ruxsatnomalarining elektron shakllarini almashish boʻyicha tajriba loyihasini yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda Qozogʻiston Transport vazirligining raqamlashtirish va davlat xizmatlari departamenti direktori Sergazi Omash maʼlum qildi.
U avtomobillarda yuk tashishda Oʻzbekiston bilan elektron ruxsatnoma shakllariga (E-permit) oʻzaro oʻtish boʻyicha pilot loyiha haqida gapirdi.
«Biz allaqachon hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladik. Joriy yilning 15-aprelidan boshlab oʻzaro elektron almashish va elektron ruxsatnoma blankalarini tajriba rejimida berishni boshlashni rejalashtirmoqdamiz», — deydi Sergazi Omash.
Bu haqda Qozogʻiston vakili Samarqandda boʻlib oʻtgan «Raqamli transport yoʻlaklari» xalqaro forumida maʼlum qildi.
Avvalroq «Kursiv» 2023-yil noyabr oyi oxirida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida temir yoʻl yuk aylanmasi sekinlashgani haqida xabar bergan edi.