Jizzax viloyatida “Yangi Oʻzbekiston” massivining qurilishi boshlandi

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
Prezident qurilish ishlarini jadallashtirish boʻyicha topshiriq berdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharaf Rashidov tumanida qurilayotgan «Yangi Oʻzbekiston» turar joy massivini koʻzdan kechirdi.

Birinchi bosqichda 204 xonadonli toʻrtta koʻp qavatli uy, markaziy qozonxona, koʻrgazma zali, ichki yoʻllar qurildi. Yana 16 uy joy, maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo majmuasi qurilishi rejalashtirilgan.

Lohiya Maydoni 140 gektar boʻlib, uch bosqichda 3,9 ming xonadonli 105 ta koʻp qavatli uy qurilishi koʻzda tutilgan. Uylar 9, 12 va 16 qavatli boʻladi.

Ikkinchi bosqich 2026-yilga, uchinchisi 2028-yilga moʻljallangan. Bundan tashqari, mahalla markazi, poliklinika, masjid, mehmonxona, bolalar va sport maydonchalari, «Yangi Oʻzbekiston» istirohat bogʻi barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari joriy yilda rejadan ortiq qoʻshimcha uylar qurish, aholiga imtiyozli ipoteka krediti bilan uy joy sotib olish imkoniyatini berish boʻyicha topshiriq berdi. Shunga mutanosib ravishda, maktablar, bolalar bogʻchalari, doʻkonlar, kafelar qurilishini tezlashtirish zarurligini taʼkidladi.

Viloyatida uchta shunday massiv barpo etilmoqda. Ularda 4 ming 700 xonadonga ega 156 ta koʻp qavatli uy quriladi. Mamlakatimizda 53 ta massivda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 14 ming 400 ta xonadonli 409 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda bunday massivlarda 31 ming 447 ta xonadondan iborat 767 ta turar joylar qurilishi belgilangan.

Prezident avvalroq Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Bazalt Uzbekistan klasteriga tashrif buyurgan edi.

Shuningdek