O‘zbekistonliklar mahalliy bazalt bilan isinadilar
Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida birinchi bo‘lib Forish tumanidagi «Basalt Uzbekistan» klasteriga keldi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.
Bundan yetti yil avval Forishda sanoat boshlandi, u yerda bazalt toshini qazib, bazalt tolasi ishlab chiqarila boshlandi. Innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda qurilish sanoati uchun zarur bo’lgan armatura va setkalar ishlab chiqariladi.
Klasterda yiliga 177 ming tonna bazalt toshdan 42 turdagi mahsulotlar, jumladan, maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili 554 milliard so‘mlik 45 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, uning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilindi. Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
Mutaxassislarning aytishicha, bazaltdan tayyorlangan qurilish materiallari zanglamaydi. Devorga bazalt materiali ishlatish mustahkamlikni oshiradi, binoda issiqlikni yaxshi saqlaydi.
Bazaltni kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda qo‘llash bo‘yicha taqdimot qilishdi.
Basfiber trade korxonasi yiliga 25 ming tonna bazalt tolasi va gazlama ishlab chiqarish quvvatini yaratishni rejalashtirmoqda, bu esa eksport hajmini 90 foizga oshirish imkonini beradi.
«Prezidentimiz buning afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Yangi davlatlarga sifat sertifikatlari olib, tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish, xalqaro qurilish va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi», – deb yozadi prezident matbuot xizmati. deb
Kelgusida mazkur klasterda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va qo‘shimcha 2 ming ish o‘rni yaratish bo‘yicha $500 millionlik yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev va Toqayev savdo, energetika va transport masalalarini muhokama qilishganini e’lon qilgan edi.