Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekiston Rossiyaga 70 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot eksport qildi. Bu 2023-yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,8 barobar koʻp. Bu haqda «Interfaks» «Rosselxoz» maʼlumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Oq karam eksporti 11 barobar – 3,2 ming tonnadan 38 ming tonnaga, xurmo – 6,2 barobar 233 tonnadan 1,5 ming tonnaga, gulkaram – 3,2 baravar 893 tonnadan 2,9 ming tonnagacha, sabzi – 3,3 baravar 1,5 ming tonnadan 4,9 ming tonnagacha oshgan.
«Rosselxoz»ning oʻtgan yilgi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston Rossiya federatsiyasiga 39,5 ming tonna meva-sabzavot yetkazib bergan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston 2024-yilning dastlabki ikki oyida $150 mlnlik meva-sabzavot eksport qilgani haqida xabar bergan edi.