Afgʻoniston boʻyicha aloqa guruhini tashkil qilish muzokaralari toʻxtab qoldi
Afgʻoniston boʻyicha mintaqaviy aloqa guruhini yaratish masalasi ishtirokchilar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar sabab toʻxtab qoldi. Bu haqda Pokistonning The Express Tribune nashri xabar bermoqda.
Guruhni tashkil etish tashabbusi 2024-yil fevral oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan ilgari surilgan. Bu BMTning Tolibon bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan keng saʼy-harakatlarining bir qismi bo’lib, bu tizimga Afgʻoniston bilan qoʻshni davlatlar, shuningdek, manfaatdor tomonlar kirishi kutilgan edi.
Biroq Pokiston Hindistonning ushbu muzokara formatida ishtirok etishiga qarshi chiqdi. Islomobod Nyu-Dehlini Afgʻoniston barqarorligiga putur yetkazayotganlikda gumon qilmoqda.
Soʻnggi paytlarda Pokiston va Tolibon harakati oʻrtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda. Hindiston esa Kobul bilan munosabatlarni kuchaytirgan.
Avvalroq «Kursiv» Tolibon Markaziy Osiyo mamlakatlariga oʻz elchilarini yuborish istagida ekanligi haqida xabar bergan edi.