Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish 5,3 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda — Jahon banki
Jahon banki (JB) ekspertlari Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot (YaIM) 2024-yilga moʻljallangan oʻsish prognozi yomonlashganini maʼlum qildi. Bu haqda tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo (YMO) iqtisodiyoti boʻyicha hisobotida aytildi.
Jahon banki 2024-yilda respublika iqtisodiyoti 5,3 foizga oʻsishi kutilayotgani maʼlum qildi. Yanvar oyidagi hisobotda bu koʻrsatkich 5,5 foizga oʻsishi taxmin qilingan edi.
Shu bilan birga, bank kelgusi yil uchun prognozini oʻzgarishsiz qoldirdi. Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 5,5 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy oʻsish 2024-yilda 4,1 foizgacha sekinlashsa, 2025-yilda esa bu koʻrsatkich 4,9 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, umumiy YMO iqtisodiyoti 2024-yilda 2,8 foizga, kelgusi yilda esa 2,7 foizga oʻsishi aytildi.
«Biznes dinamikasini ragʻbatlantirish va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavflarga chidamlilikni oshirish orqali ishlab chiqarish oʻsishini tiklash mintaqa aholisini himoya qilish va iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishga yordam beradi», — dedi Jahon bankining YMO mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani.
Maʼlumot uchun, 2023-yilda Oʻzbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi qariyb 4 foizga oʻsib, 29,3 million soʻmni tashkil qilgan.
Avvalroq «Kursiv» Osiyo taraqqiyot banki joriy yilda Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish surʼatlarining sekinlashishini taxmin qilgani haqida xabar bergan edi.