O‘zbekistonlik dzyudochilar Osiyo chempionatida medallarni qo‘lga kiritishdi
Gonkongda bo‘lib o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar bronza medallariga sazovor bo‘lishdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
-60 kg vaznda Doston Ro‘ziyev boshqa o‘zbekistonlik sportchi Dilshod Baratovga qarshi bahs olib bordi va uchinchi o‘rinda shohsupaga chiqdi.
Qizlar o‘rtasida -52 kg vaznida esa Diyora Keldiyorova Janubiy koreyalik Yerin Jungni mag‘lubiyatga uchratib bronza medali sohibasi bo‘ldi.
Yana bir uchinchi o‘rin uchun kurashda ikkala o‘zbekistonlik dzyudochilar bahs olib borishdi. Bu gal -66 kg vazn toifasida Sardor Nurillayev va Muhriddin Tilovov toʻqnash kelishdi. Bu to‘qnashuvda Sardor Nurillayevning qo‘li ustun keldi.
Hozircha, Osiyo chempionatida milliy terma jamoa to‘plamida uchta bronza medali bor.
Avvalroq «Kursiv» oʻzbekistonlik besh nafar bokschi 2024-yilda Parijda boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanma olganini e’lon qilgan edi.