Yangiliklar

Tesla Xitoy va AQShda elektromobillar narxini pasaytirdi

Elektromobillar sotuvining pasayishi tufayli
Foto: Piqsels

Tesla kompaniyasi Xitoy, Yevropa va Qo‘shma Shtatlardagi elektromobillari narxini pasaytirishga qaror qildi, deb xabar berdi Bloomberg.

Xitoyda Tesla barcha elektromobil modellari narxini pasaytirdi. Shunday qilib, «Model 3» 245 ming yuandan (33,8 ming dollar) 231,9 ming yuanga (32 ming dollar), «Y» modeli esa 263,9 ming yuandan (36,4 ming dollar) 249 ming yuanga (34,3 ming dollar) arzonlashdi.

Amerika bozorida «Model Y» narxi eng past darajaga tushdi – 42,9 ming dollar.

Bundan tashqari, Germaniyada «Model Y» endi 40,9 ming yevro turadi, avval bu model 42,9 ming yevroga sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tesla dunyodagi eng qimmat 10 ta kompaniyadan ro‘yxatidan chiqib ketdi. Mart oyida uning kapitallashuvi 2,3 foizga kamaydi va 553 milliard dollarni tashkil etdi.

Avvalroq «Kursiv» Tesla xodimlari soni 10 foizga qisqarishi haqida yozgan edi. Kompaniya 14 mingga yaqin odamni ishdan bo‘shatadi.