Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron OAV vakillari bilan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.
«Biz birgalikda oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasida kichik biznes va investitsiyani yanada rivojlantiryapmiz. Yashil texnologiya boʻyicha hamkorlikning yangi bosqichini boshladik. Yana bir gap, Buyuk Britaniya qishloq xoʻjaligi sohasida mavsumiy ishchilar uchun maxsus sxema bor. Ushbu dasturda oʻzbekistonliklar ham muntazam ishtirok etyapti. Shuningdek, Oʻzbekistonda Britaniyaning 10 dan ortiq universiteti faoliyat yuritmoqda. Hamkasbim bilan qanday qilib yanada koʻproq natijaga erishish mumkinligi xususida gaplashdik», dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, u O‘zR tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi.
«Ish oʻrni, savdo-sotiq, biznes va yashil texnologiyani har ikki mamlakatda kengaytirish umumiy manfaatimizga mos keladi, deb oʻylayman», dedi Kemeron.
O‘zRda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi savolga javob berar ekan, Buyuk Britaniya ularni diqqat bilan kuzatib borishini va o‘zgarishlarni olqishlashini aytdi.
«Bilasizmi, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib boramiz va mamnuniyat bilan olqishlaymiz. Bu yuksak natijalar Oʻzbekiston uchun rivojlanish tendensiyasini belgilab beradi. Safar davomida taʼlim sohasidagi hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish, biznes va savdo aloqalarini kuchaytirish kabi koʻplab masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan» deya taʼkidladi Kemeron.
Uning qayd etishicha, Britaniya tomoni ish o‘rinlari yaratish va fuqarolar farovonligini oshirishda yordam beradi.