O‘zbekistonda 24 ming Damas sotildi

23-aprel, seshanba kuni Damas avtomobillari bo‘yicha tuzilgan onlayn shartnomalar soni 24 mingtaga yetdi, deb xabar berdi «UzAuto Motors».
Shartnomalarning asosiy qismi – 98,8 foizi bittadan ortiq bo‘lmagan avtomashinani shartnoma tuzgan jismoniy shaxslarga, 1,2 foizi yuridik shaxslarga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, 22-aprel, dushanba kuni «UzAuto Motors» Damas uchun onlayn shartnomalar qayta ochilgani haqida xabar bergan edi. Avtomobilning narxi 96,3 mln so‘mni tashkil qilgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekiston korxonalari tomonidan 18,6 ming dona Damas ishlab chiqarilgan. O‘tgan yilning shu davrida – 16,8 ming avtomobil ishlab chiqarilgan edi.
Damas mikroavtobusi 1991-yildan beri ishlab chiqariladi. Mashina O‘zbekistonda 1996-yilda zavoddan chiqqan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 18 ming dona Labo mikroveni bir soatdan kamroq vaqt ichida sotilib ketganini yozgan edi.