Qozogʻistonda TikTok ijtimoiy tarmogʻi bloklanishi mumkin. Bu haqda Sputnik Qozogʻiston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayevaning maʼlumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Madaniyat vazirining soʻzlariga koʻra, TikTokda noqonuniy kontentlar soni ortib bormoqda. Shuningdek, xorijiy davlatlar baʼzi ijtimoiy tarmoqlardan voz kechishga intilayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Balayeva ijtimoiy tarmoqni taqiqlash imkoniyatiga har tomonlama yondashish zarurligini qo‘shimcha qildi.
«Hamma chora-tadbirlar mashhur emas, barcha choralar ham yoqmasligi mumkin. Lekin bizning vazifamiz barqarorlik va birdamlikni saqlashdir», dedi u.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning aprel oyida Qirgʻizistonda TikTokdan foydalanish imkoniyatlari cheklangan edi. Bloklanishga ijtimoiy tarmoqdagi kontent bolalarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazishi sabab qilib koʻrsatilgan.
TikTok platformasi Oʻzbekistonda 2021-yildan beri bloklangan, sababi shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashda qonunlar buzilgan.
Avvalroq «Kursiv» TikTok AQSh kongressmenlarga soʻz erkinligini eslatgani haqida xabar bergan edi.