Sirdaryo tumanidagi «Asaka Motors» avtozavodida dunyodagi yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan «Hyundai Motor Sompany» kompaniyasi avtomobil ishlab chiqaradi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Tomonlar loyihani ikki bosqichda amalga oshirishga kelishib oldi. Birinchi bosqichda Hyundai Elantra, Tucson, Sonata, Santa Fe, Palisade va Staria avtomobillarini ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Birinchi bosqich 2024-yilning may oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarish Oʻzbekistonda avtomobil bozorini oʻrganish va talabni tahlil qilish doirasida yoʻlga qoʻyiladi. Keyinchalik ishlab chiqarishni kengaytirish, jumladan, kavsharlash va boʻyash, shuningdek, Sirdaryo viloyatida avtomobilsozlik klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.
Avvalroq Janubiy Koreyaning «Hyundai Rotem» kompaniyasi Oʻzbekistonga oltita tezyurar elektropoyezdlar yetkazib berishi haqida xabar qilingan edi.