O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% darajasida qoldirishga qaror qildi, deyiladi regulyator saytida.
«Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarga fundamental monetar omillar ta’siri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1-maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi, umumiy inflyatsiyaga bir martalik taʼsir koʻrsatishi mumkin. Markaziy bank boshqaruvi, inflyatsiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy fazada shakllanganligini inobatga olib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi», deyiladi MB xabarida.
Markaziy bankning tushuntirishicha, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari joriy va prognoz qilinayotgan inflyatsiya darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarni moslashtirish hamda aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi munosabati bilan inflyatsiya kutilmalari dinamikasi oshishi mumkin.
Yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, 2024-yilda inflyatsiyaning umumiy prognozi asosiy senariy bo‘yicha 9-11 foizgacha oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank oxirgi marta asosiy stavka masalasini mart oyida ko‘rib chiqqan edi.
Joriy yilda Markaziy bank uchinchi marta bazaviy stavka masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Keyingi tadbir 13-iyunga belgilangan.